Kecha "Shum bola" filmini tomosha qilib o'tirib bir lavha mening diqqatimni tortdi. U lavhada boy otaga "qo'rg'on ham yondi, ombor ham yondi" deb yolg'on gapirgan shum bolani boy ota tergov qilib, haqqini bermay haydab yubormoqchi bo'lgan paytda oppoq soqolli bir mo'ysafid cholning "etimning haqqini eb bo'lmaydi, u o'zining halol haqqini so'rayapti boy ota" deb boyning qaroriga e'tiroz bildirib shum bolaning tarafini olib boyga nasihat qilgan holati ko'rsatiladi.
"Xo'sh, shunga nima bo'pti?" deysizmi?
Yo'q, hech narsa bo'lmadi. Shunchaki o'sha cholning ishi menga qahramonlik bo'lib ko'rindi. Qanaqa qahramonlik deysizmi? Hozir tushintiraman. Adashmayotgan bo'lsam o'sha chol boy otaning qo'lida xizmat qilayotgan yoki yollanib ishlayotgan bir oddiy kishi bo'ladi. O'sha holatda u chol maddohlik qilmasa ham boy otaning shum bolani savalab, haqqini bermasdan haydab yuborish haqidagi qarorini jimgina "menga nima" deb indamay kuzatib turaversa bo'lardi. Ammo chol bunday qilmadi. U o'zining xo'jayini yoki o'ziga ish beruvchi bir boyning etim bir bola haqidagi qaroriga dadillik bilan qarshi chiqa oldi va boyga o'z e'tirozini bildirib haq gapni gapira oldi. Mening diqqatimni tortgan holat ana shu edi.
Xo'sh, endi bugungi kundagi ahvolimizga qaraylik. Qani hozir o'sha cholday o'z xo'jayiniga yoki ish beruvchisiga tik qarab haqiqatni gapira oladigan mardi baobro'lar bormi? Yoki o'zining qo'l ostida ishlaydigan bir odam xatolarini ko'rsatib haqiqatni gapirganda "e bor, sen kimsan menga aql o'rgatadigan" demasdan o'z xizmatkorining qilgan nasihatini va gapirgan haq gapini qabul qilguvchi boylar yoki xo'jayinlar qolganmi? Nazarimda unday haq gapni kim aytsa ham qabul qiladigan xo'jayinlar ham qolmagan, unday haq gapni gapiradigan chollar ham qolmagan.
Shu tobda o'zim guvohi bo'lgan bir voqea esimga tushdi. Poytaxtimizdagi markaziy bozorlardan birida quruq meva sotib savdo qilaman. Yonimda bir toshkentlik yaxshi bir bola ham akasi bilan savdo qiladi. Shu orada bizning joyimizni o'zgartirib boshqa qatorga ko'chirishdi. Men yaxshi bir joyni oldim, ammo pattachi qo'shnimga rosa yalinganiga qaramay mening yonimdan joy bermadi va unga xaridor kamroq boradigan, kamroq yuradigan chet joydan joy berdi. O'shanda joy taqsimlanayotganida qoshnimning akasi yo'q edi va u kechki payt keldi va oldimda birpas o'tirib pattachining nega bunday qilganini va ularga mening yonimdan joy bermay chet joydan joy berganini tushintirib berdi. Uni aytishicha ikki kun oldin ko'chada moshinasi bilan ketayotganida chorrahada svetoforda qizil chiroqda to'xtagan. Yoniga qarasa pattachi ham o'zining yangi qimmatbaho mashinasida shundoq yonida to'xtab turibdi. Qo'shnim uni ko'rib bosh irg'ab salomlashgan va shu payt svetoforning yashil chirog'i yongan va u mashinasini haydab yo'lida davom etgan. Pattachi esa svetofordan sekinroq qo'zg'ab orqada qolib ketgan. "Oka, ertasi kuni bozorga kelsam haligi pattachi salomimga alik olmadu va "ha san shunaqa mashinani tez haydab bizani ortda qoldirib ketadigan bo'lib qo'dingmi?! deydi. Gapiga hayron bo'ldim va "yo'g'e, ishim rosa zaril edi, shunga shoshilvotudim" deb undan uzr so'radim, ammo u uzrimni qabul qilmadi" deb qo'shnim gapini tugatdi.
U-ku bozorning oddiy bir pattachisi edi. Endi boshqa sohalarda ishlaydigan ayrim kaslarning o'zini tutishini, kibr bilan yurishini o'zingiz chamalab hisoblab olavering.
Eng qizig'i ana shunday kaslar qo'l ostida ishlaydigan ayrim xodimlarning ham yaltoqlanishini asti so'ramang. "Sizni bilmasak ko'r bo'lamiz, siz bizning quyoshimiz, siz bizning oyimiz. Siz bo'lmasangiz dunyo bizga qorong'u" degan gaplar o'shanday xo'jayinlarga rosa yoqadi shekilli-da. Aks holda pathalim bir xodim maqtashni boshlagandan "meni maqtama" deb og'ziga urar edi-da. Indamayaptimi, demak o'sha xo'jayinga o'sha maqtovlar yoqayapti.
"Shum bola"ning osha sahnasini ko'rib hozirgi kunimizdagi boy otalar va ularga nasihat qilish olrniga doim ularni maqtash bilan ovora bo'lib yurgan chollar esimga tushdi. Endi undaylar yo'q. Endi kibrga berilgan boy otalar-u, ularga mos maddoh chollar bor xolos.
Комментариев нет:
Отправить комментарий