Bosib yuborilgan "dinamit".
Hammasi 10 avgust kuni Shuhrat Rizaevning Prezidentimizga mamlakatimizda kirill alifbosini asosiy alifbo, lotin alifbosini 2-darajali alifbo qilib belgilash haqidagi taklifi e'lon qilingandan boshlandi. Rizaevning taklifi internetda, turli ijtimoiy tarmoqlarda ham e'lon qilinar ekan bu taklif mamlakatimizdagi internet foydalanuvchilari orasida o'ziga xos shov-shuvni keltirib chiqardi. Kimdir uning taklifini xoinlikka yuydi. Kimdir esa uni so'kdi. Kimdir esa unga o'z maqolalari bilan asosli qilib raddiya berdi. Umuman olganda Rizaevning o'sha taklifi portlamay turgan dinamitni qo'qqisdan portlatib yuborishga o'xshadi.
To'g'ri, Rizavning o'sha taklifigacha ham uyoq-buyoqlarda ikkita alifbo orasida sarson yurmay kirill alifbosiga tezroq qaytish haqida maqolalar berilgan edi. Ammo ular Rizaevning taklifiday katta rezonansni keltirib chiqarmagan edi. Buni sababi oldinroq e'lon qilingan maqolalarda faqat kirill alifbosiga qaytish haqida fikrlar berilgan edi. Rizaev o'zining maqolasida esa eng noto'g'ri fikrga borib ikkita alifboni ham birini asosiy, ikkinchisini esa qo'shimcha alifbo qilib qo'llash kerakligi haqidagi taklifi bo'lsa kerak .
Olovga kerosin sepish.
Oradan o'tgan bir necha kun mobaynida millat fidoiylari tomonidan turli internet saytlarda, ularning o'z bloglarida lotin alifbosi biz uchun eng ma'qul alifbo ekani haqida qator maqolalar e'lon qilindi. Ana shu maqolalar ortida ko'plab yurtdoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda lotin alifbosini qo'llash tarafdori ekanliklarini bildirdilar.
Ammo ijtimoiy tarmoqlarda alifbo haqida fikr bildirganlar orasida kirill alifbosining bir-ikkita tarafdorlari ham ko'rinib qolganini e'tirof etaman.
Ijtimoiy tarmoqlarda alifbo masalasi muhokama bo'lib turgan va ko'pchilik lotin alifbosini qo'llab-quvvatlashini bildirib turgan bir paytda kecha upost.uz saytida gurlanlik huquqshunos, jurnalist Mirzabek Japaqovning "Enamiz lotindan tarqaganmi?" deb nomlangan maqolasi chiqdi-yu olovga kerosin sepilganday bo'ldi. Chunki janob Japaqov o'z maqolasini shunchalik farosatsizlik bilan yozgan-ki maqolani o'qib kishining xayoliga ipini uzub qochgan shaltoq buzoqcha keladi. Maqola o'ta saviyasizlik va o'ta befarosatlik bilan yozilgan. Ayniqsa undagi yozilgan "Enamiz lotindan tarqaganmi?" jumlasi "Ona" so'zini shevada "Ena" tarzida o'z shevasida ishlatuvchi xalqimizning bir qismi uchun og'ir haqoratdir. Bu uchun janob Japaqovni bemalol "xalqlar o'rtasida nizo chiqarish" moddasi bo'yicha jinoiy javobgarlikka ham tortsa bo'ladi. Mayli, janob Japaqovning o'sha haqoratli jumlasiga (aytguncha janob Japaqov o'sha jumladan sarlavha sifatida ham foydalangan) bahoni huquqni himoya qilish organlari berishar. Biz esa uning befarosatlik bilan yozilgan maqolasiga javob berib turaylik. Jumladan janob Japaqov o'zining o'sha maqolasida bizning 1928 yilda arab alifbosidan lotin alifbosiga o'tishimizni A.V.Lunacharskiy nomi bilan bog'laydi. Bu esa tarixni soxtalashtirishdan boshqa narsa emas. Aslida o'shanda lotin yozuviga o'tishimizni ko'proq ziyolilarimiz xohlashgan. SSSR hukumatining bu ishga rozilik berishi esa nima qilib bo'lsada bizni va bizga o'xshab arab alifbosidan foydalanuvchi turkiy xalqlarni lotin alifbosiga o'tkazib ularni ming yillardan beri foydalanib kelayotganlari arab alifbosidan uzib qo'yish bo'lgan.
Janob Japaqov o'sha maqolasida yana bir yolg'on da'voni ilgari suradi. Ya'ni nima emish; lotin alifbosi o'zini oqlamagani uchun 1940 yilda biz kirill alifbosiga o'tgan ekanmiz. Axir 1928 yildan SSSR tarkibida bo'lgan turkiy xalqlarning lotin alifbosidan foydalanishlarini "ba'zi ittifoqdosh respublikalarning va RSFSR tarkibida bo'lgan avtonom respublikalarning lotin alifbosidan foydalanishlari SSSR manfatlariga zid kelishini hisobga olib, o'sha ittifoqdosh va avtonom respublikalarda zudlik bilan kechiktirmasdan kirill alifbosiga o'tish harakatlari boshlanishi" bu lotin yozuvi o'zini oqlamaganligi uchun emas, balki Moskvadan berilgan qattiy buyruq asosida bo'lganini janob Japaqovdan boshqa hamma biladik-u. Eng muhimi maqolasidagi hammani chalg'ituvchi yolg'on ma'lumotlar bilan Japaqov nimaga erishmoqchi? Mabodo tez kunlarda lotin alifbosiga to'liq o'tib ketsak o'z xalqini Enadan olib haqorat qilgan janob Japaqov o'z xalqi oldida nima degan odam bo'ladi? U shuni o'ylaganmikin? Buyog'i unung vijdoniga havola.
Yuqorida Rizaevning maqolasidan ancha oldin ham kirill alifbosini yoqlab ayrim maqolalar chiqqan edi deb yozdim. Ana hunday maqolalardan biri shu yil boshroqlarida "Lotin yoki kirill-qay biri ma'qul?" sarlavhasi bilan e'lon qilingan Shahnoza To'raxo'jaevaning maqolasi edi. Maqola muallifi kirill alifbosiga qaytishni taklif qilar ekan bunga asosiy sabab qilib bizning juda ko'plab ilmiy, badiy adabiyotlarimiz kirill harfida chop etilganini va agar biz kirill alifbosidan butunlay voz kechib lotin alifbosiga o'tsak ko'plab qimmatli manbalarimizni yo'qotishimiz mumkinligini keltiradi.
Shu erda savol tug'iladi; gap qanday qimmatli manbalar haqida ketayapti?
Savolimni kengroq tushintirish uchun muallif nazarda tutgan qimmatli manbalar bilan bog'liq ba'zi fikrlarimni bayon qilsam maqsadga muvoviq bo'ladi.
Muallif qimmatli manbalar deganda taxminimcha SSSR paytida chop etilgan badiy va ilmiy kitoblar, ilmiy ishlar va shunga o'xshash narsalarni nazarda tutgan(O'zi shulardan boshqa kirill yovuviga aloqador qimmatli nimalar bor?). Agar Sh.To'raxo'jaeva haqiqatdan o'z maqolalarida shularni nazarda tutgan bo'lsalar SSSR davrida chop etilgan narsalar(kitob, gazeta-jurnal va ilmiy ishlar)dan bizda o'zi nima qolgan? Masalan, mustaqillikdan keyin maktab kutubxonalaridagi kitoblar ham, qishloq va shaharlar kutubxonalaridagi kirill yozuvidagi ko'plab kitoblar makalaturaga topshirildi yoki shunchaki yo'q qilindi. Hatto o'sha mustaqilligimizning ilk yillarida bo'lgan qiyinchilik zamonlarida ko'pchilik shaxsiy kutubxonasidagi kitoblarni ham makalaturaga topshirib yubordi. Shunday ekan SH.To'raxo'jaeva da'vo qilgan "qimmatli manbalar"ning atigi bir qismi faqat yirik shaharlardagi kutubxonalarda saqlanayapti va ularning katta qismi qayta chop etishga muhtoj bo'lib yotibdi. Qayta chop etishda ularni lotin alifbosiga o'girib chop etish bu judayam murakkab ish emas. Shunday ekan lotin alifbosidan voz kechishda qandaydir "qimmatli manbalarni" saqlab qolishni bahona qilish bu o'ta kulguli bahona. Chunki xalqimizga kerakligi uchu ming yillar davomida yozilgan arab alifbosidagi kitoblarimiz kirill harfida qayta ko'chirilganday kerak bo'lsa kirill harfidagi kitoblarimiz ham lotin alifbosiga qayta o'giri'averiladi. Bu judayam muammo ish emas.
"Qimmatli manbalar"ga doir bir qiziq holat yaqinda o'zim bilan sodir bo'ldi. Ammamning erlari pochchamiz SSSR davrida ashaddiy kommunist bo'lganlar va turli partiya lavozimlarida ishlaganlar. Uylarida anchagina kitoblari bor edi. Bundan bir necha yil oldin vafot etdilar. Vafotlaridan keyin og'illari bo'lmish ammavachchamdan o'sha kitoblarni menga berishini so'radim. U har gal nimadir deb bahona qilaverdi va kitoblarni berishni ortga suraverdi. Men esa so'rashni qo'ymayman. Shu zaylda 4-5 yil o'tib ketdi. Yaqinda o'sha ammavachcham telefon qilib o'sha men so'ragan kitoblarni opketishim mumkinligini aytib qoldi. Borsam o'ttiztacha kitob bor xolos. Ammavachchamdan "qolgan kitoblar qani" deb so'rasam "bori shu qolibdi, qolganlarini bir qismini sichqon qiyib yuboribdi, yana bir qismini esa uydagilar qish paytlarida pechkaga tutuntiriq qilib yoqib yuborishibdi" dedi. Kitoblarga qarasam o'ttiztacha kitobdan bironta pichoqqa ilinadigani yo'q. "Djerzinskiy haqida hikoyalar", Stalinning tanlangan asarlari kabi kitoblar. Hatto Izzat Sulton domlaning A. Navoiy haqidagi qandaydir tadqiqotlarining ichi ham g'ij-g'ij kommunistik mafkura va Lenindan iqtiboslar bilan to'la. Kitoblarni ko'rib "bekorga pechkaga tutantiriq qilishmagan ekan-da" deb o'yladim. Xo'sh, SH. To'raxo'jaeva o'z maqolalarida o'sha hech kimga kerak bo'lmagan kitoblarni "qimmatli manbalar" deb atayaptilarmi? Ularning nimasi biz uchun qimmatli manbalik qiladi?
Men bu gapim bilan SSSR paytida chop etilgan kitoblar hech narsaga arzimaydi deyishdan yiroqman. O'sha paytda chop etilgan kitoblar orasida bir qism qimmatli manba bo'la oladigan kitoblar ham bo'lgan. Ammo ishoning, hozir o'sha kitoblardan nihoyatda kam saqlanib qolgan va o'sha kitoblarning aksariyatini qayta chop etishga ehtiyoj bor. Shunday ekan lotin alifbosiga to'liq o'tsak o'sha kitoblar lotin alifbosida qayta nashr etilaveriladi. Va ularning lotin alifbosida qayta nashr etilishi bu judayam qo'rqinchli va vahimali ish emas.
Kirillchilarga raddiya.
Endi kirill alifbosiga qaytishni xohlayotganlarga qarshi bo'lgan fikrlarimni keltirsam.
Yuqorida ikkita maqola haqida yozib kirill alifbosiga qaytishni xohlaydiganlarning vajlarini keltirdim.
Endi do'ppini boshdan olib qoyib(boshda do'ppini o'zi yo'g'-u endi bu ham bir gap-da) yaxshilab o'ylab qarasak biz lotin alifbosiga 90% o'tib bo'lganimizni ko'ramiz. Bu gapdan aslo ajablanmang. Ha shunday, biz lotin alifbosiga qariyb o'tib bo'lganmiz. Ertab ko'chaga chiqsangiz ko'changizning nomi lotin alifbosida yozilgan. Qishlog'ingiz va shahringizning nomi kirish-chiqishda lotincha yozilgan. Maktab va kollejlarda ta'lim lotin yozuvida. Turli muassasalarning nomi kirish peshtoqlarida lotin alifbosida, turli shiorlar yozilgan bannerlar, ko'cha belgilari lotin alifbosida yozilgan. Lotin yozuviga to'liq o'tishimiz uchun OAV lotin alifbosida chop etilsa va uz domenidagi saytlar lotin alifbosiga o'tsa va yana ba'zi idoralar o'z hujjatlarini lotin alifbosida yozsalar bo'ldi, lotin alifbosiga to'liq o'tib ketamiz. Xo'sh janobi kirill alifbosini yoqlovchilar katta-katta va aqlli boshlaringni ishlatinglar-chi bor yo'g'i bajarish shart bo'lgan 10% lik ish qolgan lotin alifbosiga o'tganimiz yaxshimi yoki yana hammani, ayniqsa yosh avlodni savodsiz qilib, butun dunyoga kulgich bo'lib kirillga qaytish yaxshimi?
Meni eng hayron qoldirayotgani kirillga qaytishni taklif etayotgan janoblar va xonimlarning hammalari o'ta aqlli insonlardir. Shuncha aqllari bilan ular bunday axmoqona taklifni qanday berayaptilar hayronman.
Xulosa.
Agar yozganlarimni diqqat bilan o'qiyotgan bo'lsangiz men ushbu qoralamamda kirill alifbosiga qaytishning siyosiy xato bo'lishini yozmadim. Zero hozirgi holatimizda kirillga qaytishimiz yerga tupurib tupukni qaytarib yalash bilan barobardir. Yoki ikkita qardosh davlat Ozarbayjon va Turkmanistonda qisqa fursatda lotin alifbosiga muvaffaqiyatli o'tib bo'linganini yozmadim. Zero buniyam hamma ko'rib o'tiribdi. Yoki aholisining katta qismi rusiyzabon bo'lgan Qozog'istonning 2025 yilga borib batamom lotin alifbosiga o'tish haqidagi qarorini ham batafsil yozmayapman. Bundan ham kallasi katta va aqli ko'p janoblarning o'zlari xulosa chiqaraverishsin. Aytmoqchi bo'lganim lotin bizga kelajagimiz uchun kerak. Ha, kelajagimiz uchun kerak. Bu yo'lda kimlardir, qandaydir muammolarni ko'rayotgan bo'lsalar o'sha muammolar hal qilsa bo'ladigan muammolardir. O'rta va keksa avlod bu yozuvni bilmasligini bahona qilmaylik. Kerak bo'lsa qisqa davrda o'rganib olsa bo'ladi. Yoki qimmatli manbalarni yuqotishni ham bahona qilmaylik, ularni harholda lotinchaga o'girsa bo'ladi. Umunan olganda Rizaevning va Japaqovlarning yozayotgan gaplari va qilayotgan ishlari oddiygina lo'ttibozlikdir, bundan boshqa narsa emas. Chunki ularning qilayotgan takliflari ham, da'volari ham "na qozonda turadi va na cho'michda".
Mening xulosam shuki endi yana yangidan-yangi kirilparastlar chiqib yana qandaydir lo'ttibozlikdan iborat kulguli da'volar qilmasidan biz tezroq lotin alifbosiga batamom o'tishimiz kerak. Aks holda ular qandaydir bo'lar- bo'lmas da'volar qilib, o'zlarining lo'ttibozliklarini davom ettirib siz bilan meni asabimizga tegib yuraveradilar.
Комментариев нет:
Отправить комментарий