понедельник, 28 августа 2017 г.

Poytaxtlik va "qishloqi"

Gapni uzoqdan boshlay; Bir paytlar Sobiq Ittifoq davrida bizda poytaxtlik (shaharlik) va qishloqlik(qishloqi)ga ajratish hozirgiday emas edi. Buni esa bir necha sabablari bo'lgan. Masalan, o'sha paytda turli sabablarga ko'ra, kimdir armiya xizmatiga, yana kimdir boshqa yumush bilan respublikamizdan tashqariga chiqqanida odamlar bir-birini poytaxtlik va qishloqiga ajratmagan va ularning hammasi yot o'lkalarda hamyurt bo'lib bir-biri bilan o'zaro tenglik, o'zaro birodarchilik orqali muomala qilib ketavergan.

Yana bir sababi esa o'sha paytda Toshkent shahri asosiy poytaxt emas edi. Hamma joyda poytaxt deb Moskva quloqqa quyilar va Toshkent bu masalada oddiy bir shahar hisoblanardi. Yana bir sababi esa o'sha paytlarda Toshkentdagi sharoit bilan viloyatlardagi uzoq qishloqlar sharoiti qariyb bir xil bo'lgan va bu masalada Toshkent viloyatlardagi aholi punktlaridan bir kalla ustun turmasdi. Poytaxtda bor asfalt yo'llar, gaz, svet kabi qulayliklar hammayoqda bor edi. Yaqin-yaqingacha ahvol shunday edi. Shu yerda o'sha paytlarda poytaxt va shahar orasida sharoitlar bo'yicha farq kam bo'lganligi haqida o'zim guvohi bo'lgan bir misolni keltiraman. A.Temur ko'chasi bo'ylab Yunusobod tarafga ketishda NBU bankning ro'parasida ko'chaning o'ng tarafidagi mahalladagi tanish bir xonadonda 1997 yildan boshlab uzoq yil ijarada yashadim. "Hurmatli tor ko'chasi", "Hurmatli 1-2-3 tor ko'chalar" shu yerda joylashgan. Ana shu ijarada yashagan xonadonimda 1997 yil endi ko'chib borganimda kanalizatsiya yo'q edi. Hojatxonasi qishloq joylaridagiday yerdan kovlangan edi. Kanalizatsiya keyinroq 2000 yillarda tortildi. Shahar markazi hisoblansa-da o'shanda bu joylarda kanalizatsiya yo'qligi meni hayron qoldirgan edi. Keyinchalik qiziqib ko'rsam Toshkentdagi ko'plab mahallalarga kanalizatsiya 2000 yildan keyin o'tkazilibdi.
Men Toshkentga ilk bor 1994 yil hali maktab o'qib yurgan paytimda borganman. Keyinchalik maktabni bitirganimdan keyin ham bu shaharda uzoq yillar uchib-qo'nib yashadim va poytaxt aholisining aksariyatining o'sha 1994 yillardagi sodda, ochiqko'ngil odamlardan 2005-2010 yillarga kelib o'zini O'zbekistonning boshqa viloyatlari aholisiga nisbatan bir bosh ustun ko'radigan va endilikda o'zini kibr bilan poytaxtlik sanaydigan odamlarga aylanish jarayonini o'z ko'zlarim bilan kuzatdim. Achchiq bir haqiqat shu-ki ana shu jarayonda tagi toshkentlik bo'lgan aholidan ko'ra Sobiq Ittufoq davrida ko'chib borib keyin "poytaxtlik" bo'lgan kishilarning bolalari, nabiralari ildamroq bo'lishdi.
Yo'q, bu gaplar tuhmat emas. Toshkentda nechtalab tanishlarim yashashadi va ularning ba'zilarining farzandlarini o'zini boshqacha tutishiga o'zim guvohi bo'lganman, ba'zilari esa farzandlari o'zini poytaxtlik deb bilib o'zini boshqacha tutayotganini o'zlari kulguga olib aytib berishgan. Ya'ni o'sha tanishlarimning bolalari viloyatlarga, ota yurtiga borsa qishloqdagi o'zining tenqurlaridan, qarindoshlarning bolalaridan orlanishar ekan "men poytaxtlik, sen qishloqi" deb. O'zim guvohi bo'ganman bir tanishim maktab o'qiydigan o'z o'g'illariga "senlarning taging falon viloyatdan" deganida o'g'illari "hecham-de, biz toshkenlimiz, hech qanaqa u viloyatdan emasmiz" deyishganini. Yana bir misol; O'zim bilan ham bir paytlar bir-ikkita bolalar ko'chada ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham  "Sen viloyatdan kelgansan, biz asl toshkentlikmiz" deb bahslashishganda ularga qarata "Bobong, buving hayotmi? Agar hayot bo'lishsa ularning tagi qayerdan ekanligini borib bo'zlaridan so'ragin, qani nima deb javob berishadi? Sen bilan esa keyin gaplashamiz" deb bahsni to'xtatganman. Va oxiri ularning bir nechtasi mendan hayotda ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham kechirim so'ragan "Oka(yoki uka) uzr. Siz haq ekansiz. Borib dodamlardan, buvimlardan so'radim. Bizning tagimimiz falon viloyatdan ekan" deb.

Hozir Toshkentda qancha aholi bor? 2 yarim million atrofida ro'yxatdan o'tib yashayotgan aholi bor. Xo'sh, tarixni kovlashtiringchi zilziladan oldin Toshkentda qancha aholi yashagan? Ikkinchi Jahon urushidan oldinchi?
Toshkentga viloyatlardan odamlar o'n to'qqizinchi asrning oxiridan, Toshkent Turkiston general gubernatorligining markazi bo'gandan beri ko'chib kelishadi. Oktyabr to'ntarishi ro'y berib biz Sobiq Ittifoq tarkibidagi ittifoqdosh respublikaga aylanganimizdan so'ng 1930 yilda O'zbekiston poytaxti Samarqanddan Toshkentga ko'chganidan keyin bu shaharga ko'chib keluvchilar yanada ko'paydi.
1966 yil zilzilagacha Toshkentda 500 ming atrofida aholi yashagan. 1980 yilga kelib esa Toshkentda 2 milliondan ortiq odam yashardi. Albatta aholining  bu ko'payishida Sobiq Ittifoqning turli joylaridan Toshkentga hasharga kelgan hasharchilarning shu yerda  yashab qolib ketgani ham sabab bo'lgan. Ammo o'sha paytlarda viloyatlarimizdan va qo'shni respublikalardagi millatdoshlarimizning ham Toshkentga ko'plab ko'chib kelganlari shahar aholisining salmoqli ortishiga savab bo'lgan.

Toshkent shahridagi aholining kopayishi tarixini eslab nima demoqchiman? Aytmiqchimanki hizirgi kunda poytaxtimizda yashab "sen viloyatlik, men toshkentik" deydiganlarning aksaruyati oxirgi yuz yillikda turli viloyatlardan Toshkentga ko'chib borganlarning bolalaridir. Tarbiya o'z o'rnida bo'lmaganligi tufayli kechagina o'zi qishloqdan kelib "qishloqi" bo'lib yurganlarning bolalari bugun poytaxtlik bo'lib olib boshqalarni qishloqiga chiqarishmoqda.
Bu bilan asl toshkentlik oppoq va bu jarayondan chetda turibdi demoqchi emasman. Guruch kurmaksiz bo'lmagandek asl tagi toshkentluk bo'lgan odamlar orasida turli xil odamlar bor. Ammo kechagina ota-onasi yoki undan biroz oldin bobo va buvisi qaysidir viloyatdan kelgan odamlarning "sen qishloqi, men poytaxtlikman" deb turishlari odamga erish tuyular ekan.

Moskva shahrida yashayorganlar orasida kulgili bir ibora yuradi. Ya'ni ular aytishadiki "Moskvada chetdan kelganlar yo'q. Hamma "korenniy moskvich"(tubjoy moskvalik). Bu hazil ibora bejizga paydo bo'lmagan. Hatto Moskvada yashayotgan armani yoki gruzindan ham "Moskvaga qachon ko'chib kelgansan" deb so'ralsa ular ham "Esing joyidami? Men "korenniy moskvich"man der ekan.

Toshkentdagi ahvol ham qariyb shunga o'xshash. Viloyatdan ko'chib borganlarning aksariyatida uning viloyatdan borgani shevasidan bilinib turadi. O'zlari ham viloyatdan ekanliklarini bot-bot takrorlab turishadi. Uning bolasi esa "ota-onam falon viloyatdan kelgan" deb faqat onda-sonda eslab qo'yadi. Gal nabiraga kelganda esa u ildizi qaysidir bir viloyatga borib taqalishini aslo tan olmaydi va Moskvadagi kavkazliklarga o'xshab "men korenniy "tashkentskiy"man" deb turaveradi. Demak hammasi tarbiyaga borib taqalayapti.
O'ylayman, agar bizda ham etti pushtini va ularning qayerdan ekanliklarini bilish  majburiyat sanalganda va bilmaslik uyat hisoblanganda ishonchim komilki  "korenniy tashkentskiy" lar bugun ancha kam bo'laradi.

Bugungi kunda poytaxtga yangitdan ko'chib borgan bir viloyatlikka yana bir oldinroq ko'chib borgan viloyatlikning bolasi yoki nabirasi "men poytaxtlikman, sen qishloqisan" deb murojat qilayapti. Shunday ekan ahvol shu tarzda ketaversa men hozir "men poytaxtlik, sen qishloqi" deydiganni gapidan xafa bo'lganim holda ertaga mabodo Toshkentda muqim yashab qolsam mening bolam ham kimlargadir o'sha gapni aytadimi? Buni to'xtatish kersk. Yo'q, Toshkentga jo'chib borishni emas, balki "men poytaxtlik, seb qishloqi" deydiganlarning kibrini. Bu uchun esa tarbiyani biroz kuchaytirishimiz kerak.

Shuncha bo'lar-bo'lmas gapni yozib nima demoqchiman? Biz qayerdan ekanimizdan, qayerda yashashimizdan qattiy nazar bolakarimizni "Biz butun bir o'zbekmiz, millatimizdan qattiy nazar o'zbekistonlikmiz. Poytaxtda yashaymizmi yoki uzoq sahrolarda yoki tog'larda farqi yo'q biz bir millatmiz, hamyurtlarmiz" deb tarbiyalashimiz kerak. Aks holda bugungi kundagi bizning ko'zimizga arzimas bo'lib ko'rinayotgan "sen viloyatdan, men poytaxtdanman" degan maraz bir illat kuchayib gazaklab boraveradi.

Комментариев нет:

Отправить комментарий