суббота, 12 августа 2017 г.

AROSATDA QOLGAN MILLAT: LOTINMI YOKI KIRILL?

Ikki kundan beri ijtimoiy tarmoqlar qandaydir bir olimni (nomini eslashni ham xohlamayapman) yurt rahbariga kirill alifbosiga qaytish va kirill alifbosini asosiy alifbo, lotin alifbosini ikkinchi alifbo sifatida qo'llashni taklif etganini muhokama qilish bilan band. Men bu erda o'sha olimni ham, uning ilmini ham, uning shaxsini ham muhokama qilish niyatim yo'q.
Men faqat bir narsani, agar o'sha olim taklif etgan narsa ro'y bersa biz kirill harfiga qaytsak yana arosatda qolishizni, millat savodxonligining sifati yanada pastlashi mumkinligini bilaman. Chunki o'zi shundoq ham na eski kirilcha alifbodan to'liq voz kechmay va na yangisiga to'liq o'tmay shu paytgacha biz ko'p narsa yo'qotdik. Millat ana shu sabab ham ancha savodsiz bo'ldi.
Bu masalaning bir tarafi. Ikkinchi tarafi shu-ki oxirgi o'tgan ming yillikda xalqimiz eng og'ir kunlarni 70 yil hukm surgan yuviqsiz kommunistlar davrida ko'rdi. Bu aslo mubolag'a emas. Eslang, o'sha yuviqsiz kommunistlardan biroz oldin tepamizda 50-60 yil xojayinchilik qilgan Chor Rossiyasi ham bizga kommunistlarday azob bermagan. To'g'ri ular bizni bosib olishlarida o'rtada janglar bo'lgan va bu janglarda bobolarimiz shahid ketganlar, tinch aholi jabr ko'rgan, ammo Chor Rossiyasi hukumati bizni alifbomizni o'zgartirishga urinmagan, dinimizni cheklab ateistik rejim o'rnatishga harakat qilmagan. Ammo 1917 yildagi Oktyabr to'ntarishidan keyin xalqimizni boshiga haqiqiy kulfatlar yog'ildi. Millatning tayanchi bo'lgan boylar quloq qilindi, millat ma'rifatchilari adiblar ,  millatning tarbiyasida muhim shaxslar hisoblangan diniy ulamolar, olimlar qamaldi, otildi. O'shanda xalqimiz boshiga shuncha ko'rgiliklarni solgani etmaganday qizil bosqinchilar bizning alifbomizga ham chang soldilar.

Shu o'rinda ijozatlaring bilan biroz tarixni eslasam. 1928 yilda Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida turkiy tilli davlatlar vakillari yig'ilib o'zaro madaniy va ilmiy aloqalarni rivojlantirish barobarida o'rtada mushtaraklik bo'lishi uchun turkiy tilli davlatlar va SSSR tarkibidagi milliy respublikalar, avtonom hududlar hammalari bir xil alifboga o'tish haqida qaror qabul qilib yangi alifbo sifatida lotin alifbosini tanladilar va o'sha yildan e'tiboran shu yig'ilishda qatnashgan davlatlar lotin alisbosiga asoslsngan yangi alifboga o'ta boshladilar. O'shanda bu anjumanda Turkiya, Ozarbayjon, O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston  Turkmaniston, Tatarston, Boshqirdiston va hokazo turkiy tilli davlatlar respublikalar vakillari qatnashgan edilar.

Ammo yuviqsiz kommunistlarga o'z tarkibidagi turkiy tilli respublika va avtonom hududlarning o'zini kirill alifbosidan farqli boshqa bir alifboda yurishlari mutlaqo to'g'ri kelmadi va oradan 12 yil o'tib 1940 yilda oxiri baribir o'zining kirill alifbosiga asoslangan alifbosiga bizni va bizga qo'shib boshqa turkiy tilli pespublikalarni majburlab o'tkazib qo'ydi. Yuqorida ularning bizga etkazgan jabr-u sitamlarini yozdim. Xo'sh, shunday ekan biz 1994 yildayoq lotin alifbosiga o'tish haqida qaror chiqarib, so'ngra o'sha qarorning ijrosini ta'minlab qo'ymay yana o'sha bizni boshimizga og'ir kunlarni solganlarning alifbosiga oqaytishimiz kerakmi? Qani mantiq?

Uchinchidan, dunyodagi sanoqli davlatlar kirill alifbosidan foydalanadi. Undan qolgan ko'pchilikning alifbosi lotincha. Demak dunyo hamjamiyati bilan birga qadam tashlashni xohlar ekanmiz bizda lotin alifbosi qolishi kerak.
Yuqorida kirill yozuvidan sanoqli davlatlar foydalanadi deb yozdim. Bular Sobiq Ittifoq respublikalarining ayrimlari, Sobiq Yugoslaviya respublikalarining ayrimlari va Mongoliya. Shularning orasida yon qo'shnimiz Qozog'iston ham bor. Qozog'iston aholisining qariyb yarmini ruslar tashkil etishini, yana bir qismini esa rus tilida gaplashuvchi mayda millatlar tashkil etishini inobatga olsak bu tabiy hol. Ammo qozoqlarning uzoqni ko'ra  oluvchi ajoyib prezidenti Nazarboev bundan ikki yil oldin Qozog'iston 2025- yilgacha lotin alifbosiga to'liq o'tishini e'lon qildi va bu haqdagi qonun hujjatini imzoladi. Men yuqorida bu siyosiy rahbarni "ajoyib prezident" deb atadim. Bu insonning ajoyibligi  uning uzoqni ko'ra olishi va xalqiga nima yaxshi bo'lishini ko'ra olishidir. Va bu prezident "aytadi va bajaradi" sifatiga ega prezidentlardandir. Endi aholisining aksar qismi ruscha gaplashadigan va ruslardan iborat bo'lgan Qozog'iston lotin yozuviga o'tmoqchi bo'layotganida biz lotin yozuviga o'tish haqidagi qarorni 1994 yilda chiqarib qo'yib, 23 yildan beri yosh avlodni shu yozuv bo'yicha o'qitib endi agar yana kirill yozuviga qaytsak bu biz uchu o'ta sharmandali ish bo'ladi. Yana yurt ozodligi uchu jon fido qilgan bobolarimizni ruhlarini chirqiratish bo'ladi.

To'rtinchidan hozirgi savodxonligimizning past ko'rsatkichlarini ayrimlar lotin yozuviga bog'lashga urinmoqdalar. Savodxonligimizning pasayib borayotganiga lotin yozuviga o'tganimiz emas, balki 23 yildan beri to'liq o'tib keta olmayotganimiz sabab bo'lmoqda.  Millatimizning yosh-u kattasi hammasi ikki alifbo orasida tentirab qolmoqda. Bir paytlar lotin alifbosiga o'tish haqida qaror qabul qilinganda bu yozuvni kattalar ham o'rganib olishlari uchu ma'lum bir vaqt kerakligi aytilib qaror 1994 yilda chiqqan bo'lsa alifboga to'liq o'tish yili qilib 2000-yil belgilangandi. 2000-yildan keyin ham bir yigit umriga teng yillar o'tib ketdi ham-ki biz hanuz yangi alifbomizga tocliq o'ta olmay nimalarnidir bahona qilib yuribmiz. Eslaylik, o'shanda biz bilan birga lotin alifbosiga o'tish haqida qaror qilgan Ozarbayjon va Turkmaniston qisqa yillarda yangi alifboga to'liq o'tib bo'ldi. Bizga o'xshab "Kattalar o'rganib olsin, muddat beraylik" deb sustkashlik qilib yurishmadi. "Kerak bo'lsa tezroq o'rganasan" deb tezlashtirib o'tishdi, qo'yishdi. Biz esa hanuzgacha kajbahslik qilib yuribmiz "kirill yaxshimi yoki lotin?" deb. Bu ketishda ana shunday arosatda yuraversak qozoqlar ham bizdan oldin bu alifboga to'liq o'tib bo'lishadi. Biz esa hammani savodsiz qilib, hammaga kulgich bo'lib arosatda yuraveramiz.

Ana shu uchun meni taklifim shunday-ki biz kechi bilan 2018 yilning 1-yanvaridan boshlab butun mamlakatimizdagi hujjat yurutuvchilarga, OAV ga, umuman hamma-hammaga lotin yozuviga asoslangan alifbomizdan foydalanishni majburiy qilish va osha sanadan boshlab kirill alifbosidan foydalanishni qattiy taqiqlash chorasini kocrishimiz kerak. Aks holda kech bo'ladi va har bir o'tgan kunimuz o'zimizning zararimizga bo'lib boraveradi.

Комментариев нет:

Отправить комментарий